Ijodkorlik laboratoriyasi

Abu Ali Ibn Sino

 

 

Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatini o‘rta asr sharoitida dunyo madaniyatining oldingi qatoriga olib chiqqan buyuk mutafakkirlardan biri Abu Ali Husayn ibn Abdulloh ibn Sino bo‘lib, u Yevropada Avitsenna nomi bilan mashhurdir.

Ibn Sino Buxoroning Afshona qishlog‘ida 980 yilning safar oyida, amaldor oilasida tug‘ildi. 986 yilda Ibn Sino oilasi Buxoroga ko‘chib keladi va shu vaqtdan boshlab yosh Husayn boshlang‘ich ma’lumot olishga, ilmfanni o‘rganishga kirishadi. Uning yoshligi, yigitlik chog‘lari somoniylar hukmronligining so‘nggi yillariga, xususan, Nuh II ibn Mansur Somoniy hukmronligi davri (976–997)ga to‘g‘ri keladi.

Asarlari: «Tadbir al-Manozil», «Tib qonunlari» «Axloq haqida risola», «Burch haqida risola», «Al-konun», «Ishq hakida risola», «Xay ibn-Yakzon», «Donishnoma»  va boshqalar.

 

Ta’lim-tarbiyaga doir qarashlari:

 Ibn Sinoning fikricha insonlar xulq-atvorida birmuncha nuqsonlar bor. Bular: aldash, rashk, o’ch olish, adovat, bo’xton, irodasizlik kabilardir.

 U fanlar tavsifi xakida ham fikr bildirgan. Olim birinchi o’ringa tibbiyot   fanlarini   ko’yadi.  Falsafani esa ikki guruhga-nazariy va amaliy guruhga bo’ladi. U birinchi guruhga etika, iqtisod, siyosatni kiritadi. Ikkinchi guruxga      fizika,  matematika, metafizika dunyo qonuniyatlarini o’rganuvchi barcha fanlarni kiritgan.

Abu ali ibn Sino kamolotga erishishning birinchi mezoni sanalgan ma’rifatni egallashga da’vat etadi. Chunki ilm-fan insonga xizmat qilib, tabiat qonunlarini ochib avlodlarga etkazishi kerak. Bu maqsadga etishish uchun inson qiyinchiliklardan qo‘rqmasligi zarur, deydi. «Ey birodarlar! Odamlarning botiri mushkulotdan qo‘rqmaydi. Kamolot hosil qilishdan bosh tortgan kishi odamlarning eng qo‘rqog‘idir».

Zero, ma’rifatli kishi jasur, o‘limdan ham qo‘rqmaydigan, faqat haqiqatni bilish uchun harakat qiladigan bo‘ladi, deydi u fikrini davom ettirib.

Bilimsiz kishilar johil bo‘ladi, ular haqiqatni bila olmaydilar, deb ularni etuk bo‘lmagan kishilar qatoriga qushadi. Bunday kishilardan ilmiy fikrlarni sir tutish kerakligini ta’kidlaydi.

U haqiqatni bilish uchun bilimga ega bo‘lish kerakligi, lekin har qanday bilim ham haqiqatga olib kelmasligi, inson o‘z bilimining haqiqiyligini bilishi uchun mantiqni ham bilishi zarurligini uqtiradi. Ibn Sinoning ta’lim metodlari haqidagi ta’limoti asosida ham bilimlarni egallashda mantiqiy tafakkurga, shaxsiy kuzatish va tajribalarga tayanish kerak degan g‘oya yotadi.

Ibn Sino bolani maktabda o‘qitish va tarbiyalash zaraurligini qayd etib, maktabga barcha kishilarning bolalari tortilishi va birga o‘qitilishi va tarbiyalanishi lozim deb, bolani uy sharoitida yakka o‘qitishga qarshi bo‘lgan. Bolani maktabda jamoa bo‘lib o‘qishini foydasi quyidagicha ifodalangan:

Agar o‘quvchi birga o‘qisa u zerikmaydi, fanni egallashga qiziqish yuzaga keladi, bir-biridan qolmaslik uchun harakat, musobaqalashish istagi rivojlanadi. Bularning hammasi o‘qishning yaxshilanishiga yordam beradi.

O‘zaro suhbatda o’quvchilar bir-biriga kitobdan o‘qib olganlari, kattalardan eshitganlarini hikoya qiladilar.

Bolalar birga to‘planganlarida bir-birini hurmat qila boshlaydilar, do‘stlashadilar, o‘quv materiallarini o‘zlashtirishda bir-biriga yordamlashadilar, bir-biridan yaxshi odatlarni qabul qiladilar.

Bilim olishda bolalarni maktabda o‘qitish zarurligini qayd etar ekan, ta’lim daquyidagi tomonlarga rioya etish zarurligini ta’kidlaydi:

-bolaga bilim berishda birdaniga kitobga band qilib qo‘ymaslik;

-ta’limda engildan og‘irga borish orqali bilim berish;

-olib boriladigan mashqlar bolalar yoshiga mos bo’lishi;

-o‘qitishda jamoa bo‘lib maktabda o‘qitishga e’tibor berish;

-bilim berishda bolalarning mayli, qiziqishi va qobiliyatini hisobga olish;

-o‘qitishni jismoniy mashqlar bilan qo‘shib olib borish.

Bu talablar hozirgi davr ta’lim tamoyillariga ham mos kelishi bilan qimmatlidir. Yuqoridagi masalalarga o‘zining «Tadbiri manzil» asarida maxsus bo‘lim bag‘ishlaydi. «Bolani maktabda o‘qitish va tarbiyalash» bo‘limida ta’lim va tarbiya jarayonini ochib beradi. Yuqoridagi tamoyillar esa bolalarni yеngil-yelpi bilim olish emas, balki har tomonlama chuqur va mustahkam bilim olishiga yordam beradi.

Ibn Sino talabaga bilim berishda o‘qituvchining pedagogik mahorati va mas’uliyatli burchi masalasiga alohida to‘xtalib, o‘qituvchi bolalarga bilim berishga kirishishdan avval, ularning xulq-atvorini o‘rganishi va bilimlarini tekshirib ko‘rishi, qiziqishi, nimaga qodir ekanligini aniqlashi, so‘ngra unga hunar yoki ilm turini egallashni tavsiya etishi kerakligi haqida fikr yuritar ekan, o‘qituvchiga shunday yo‘l-yo‘riqlar beradi:

– bolalar bilan muomalada bosiq-jiddiy bo‘lish, berilayotgan bilimni talabalar qanday o‘zlashtirib olayotganiga e’tibor berish;

– ta’limda turli o‘qitish usullari va shakllaridan foydalanish;

–talabaning xotirasi, bilimlarni egallash qobiliyati, shaxsiy xususiyatlarini bilish;

– fanga qiziqtira olish;

– berilayotgan bilimlarning eng muhimini ajratib bera olish;

– bilimlarni talabalarga tushunarli, uning yoshi, aqliy darajasiga mos ravishda berish;

– har bir so‘zning bolalar hissiyotini uyg‘otish darajasida bo‘lishiga erishish zarur» .

Umuman, Ibn Sinoning ta’lim texnologiyasida o‘qitish jarayonida qaysi uslublardan foydalanilmasin – og‘zaki ifodami, bilimlarni tushuntirishmi, turli ko‘rinishlardagi suhbatmi, tajribalarmi, baribir, talabada haqiqiy bilim hosil qilish, mustaqil, mantiqiy tafakkurni rivojlantirish, shaxsiy kuzatish va tajribalarga tayanish, olgan bilimlarni amaliyotga tatbiq eta olish va ijodkorlik qobiliyatini tarkib toptirish asosiy maqsad bo‘lgan .